Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning Nikolay Aseyev she’riga yozilgan yangi qo‘shig‘i videoklipi YouTube’ga joylandi, deb yozadi “RIA Novosti”.
O‘tgan dam olish kunlari internetda Atambayevning mualliflik qo‘shig‘iga ishlangan birinchi videoklip paydo bo‘lgan edi. Bir kecha-kunduzda klipni 50 mingdan ziyod kishi tomosha qildi.
Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Atambayev sentabrda nishonlaydigan 60 yillik yubileyi munosabati bilan qarindosh va yaqinlariga bag‘ishlab jami beshta qo‘shiq yozgan.
17-sentabr kuni Almazbek Atambayev 60 yoshni qarshi oladi. Siyosatchi doim adabiyot bilan hamnafas bo‘lib kelgan. 1983-yildan buyon u Sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan. Ayni paytda u Qirg‘iziston Yozuvchilar badiiy fondini boshqaradi. 2017-yilda prezidentlik muddati tugagach, Atambayev o‘zini ijodiy faoliyatga bag‘ishlamoqchi.