AQSh Bosh prokuraturasi Klintonning elektron yozishmalari haqidagi tergov ishini yopdi
AQSh bosh prokurori Loretta Linch sobiq davlat kotibi Hillari Klintonning elektron yozishmalari haqidagi ish yopilishini ma’lum qildi. Bu Hillarining davlat xizmati davomida shaxsiy pochta qutisidan foydalanganligi bilan bog‘liq edi. Bu haqda, Reuters agentligi ma’lumotiga tayanib, “Vedomosti” xabar berdi.
“Bir yilga qadar davom etgan har tomonlama surishtiruv yopilishi kerakligi haqidagi Federal qidiruv byurosi tomonidan bir ovozdan berilgan tavsiyani qabul qildim. Ish doirasida hech kimga nisbatan hech qanday ayblov e’lon qilinmaydi”, — dedi bosh prokuror.
Kuni kecha AQSh Federal qidiruv byurosi AQSh Adliya vazirligiga shaxsiy pochta qutisidan xizmat maqsadlarida foydalanganlik ishi yuzasidan tergov yakuni bo‘yicha prezidentlik lavozimiga Demokratik partiyadan nomzod Hillari Klintonni javobgarlikka tortmaslikni tavsiya qildi. Bu tavsiya majburiy tusga ega bo‘lmasa-da, bosh prokuror uni inobatga oldi.