Besh nafar bolasi bilan ko‘chada qolgan qozog‘istonlik 40 yoshli Elmira Jasibayeva Pavlodarda yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.
Iyun oyi boshida, Ramazon avvalida nosoz elektr tarmog‘i tufayli xonadoni kultepaga aylangan va hujjatlaridan bo‘lak hech narsasi qolmagan ko‘p bolali onaga yangi uyni pavlodarlik tadbirkorlar tortiq qildi. Ular o‘zlarini oshkor etmaslikni ma’qul ko‘rgan.
“Birini Aleksandr, ikkinchisini Ruslan deb atashlarini eshitdim. Ikkovi ham mahalliy tadbirkorlar. Ular menga hamma qulayliklarga ega uy sovg‘a qilishdi. Boshqa bu insonlar haqida hech narsa bilmayman. Bu uyga ko‘chib kelguncha avval dugonamnikida, keyin singlimnikida bir xonada yashadik. O‘zimning boshimga tushgan ko‘rguliklar misolida dunyoda yaxshi odamlar ko‘pligiga amin bo‘ldim”, — deydi Elmira Jasibayeva.
Pavlodarlik volontyorlar ijtimoiy tarmoq orqali yordam uyushtirishning uddasidan chiqdi. Odamlar kulfatda qolgan oilaga muzlatgich, elektr plitasi, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, o‘yinchoqlar, mablag‘ bilan ko‘mak berdi. Endi ko‘p bolali ona ularning barchasini yangi uyiga taklif etish niyatida.