Saudiya Arabistoni Osiyo bozorlarida neft realizatsiyasini kengaytirish strategiyasidan chekinib, narx oshishi ilinjida u yerdagi bozorlarni raqiblariga bo‘lib bermoqda. Reuters tahlilchilari Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlariga energetika resurslari importi ma’lumotlarini o‘rganish asosida shunday xulosaga keldi, deb xabar bermoqda “RBK”.
Ma’lum bo‘lishicha, 2016-yilning dastlabki besh oyida Saudiya neftining XXRga eksporti sutkasiga o‘rtacha 1,05 million barrelni tashkil etdi. Xitoyning umumiy neft importi esa 16,5 foizga o‘sdi. Yanvar–may oylari oralig‘ida Rossiya Saudiyadan o‘zib ketib, Xitoyning asosiy neft yetkazuvchisiga aylandi — sutkasiga 10,06 million barrel (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish — 42 foiz).
Hindistonda ham shunga yaqin manzara shakllandi, ammo bu safar Saudiyaning raqiblari Eron va Iroq bo‘ldi. Yanvar–may oylarida Hindiston Saudiya Arabistonidan sutkasiga 856 ming barrel neft import qildi (2015-yil shu davriga nisbatan o‘sish — 9,4 foiz). Eronning ko‘rsatkichlari esa 64,5 foizga ko‘tarilib, sutkasiga 334 ming barrelni tashkil etdi. Iroqda bu ko‘rsatkichlar, tegishli ravishda, 55 foiz va 892 ming barrelga teng bo‘ldi. Shu tariqa, rasmiy Bag‘dod Hindiston neft bozorida ar-Riyoddan o‘zib ketdi.
Yaponiyada esa Saudiya Arabistoni sutkasiga 1,25 million barrel ko‘rsatkichi bilan hozircha yetakchi bo‘lib qolmoqda. Hisobot davridagi o‘sish — 12,6 foiz. O‘z navbatida, Iroq Yaponiyaga neft eksportini 51 foizga oshirdi, ammo real hajmlar hozircha kichik — sutkasiga 72 ming barrel.
Nihoyat, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida neft iste’moli bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadigan Janubiy Koreya Saudiyadan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga kamroq qora oltin sotib oldi. Aksincha, Eronning ushbu mamlakatga eksporti ikki barobar o‘sdi (sutkasiga 200 ming barrel). Ammo Saudiya bu bozorda ham hozircha birinchilikni boy bergani yo‘q.
“Neft ortiq darajada olinayotgani va narxlar past bo‘lib qolayotganiga qaramay, Saudiya Arabistoni singari davlatlar diqqatni ushlab turibdi: o‘zlarining strategik ahamiyati bois bozor sharoitlari yaxshilanishi bilan ular talab va taklif muvozanatini tiklashi kutilmoqda”, — dedi jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Saudiya Arabistoni energetika vaziri Xolid al-Falix.
Reuters’ning fikricha, Osiyo bozoridagi ko‘rsatkichlar Saudiya Arabistoni bu yerdagi muvozanatni har qanday yo‘l bilan saqlab qolishdan iborat strategiyadan voz kechganini ko‘rsatmoqda. Yana bir muhim o‘zgarish Arab Light rusumli neftning minimal narxi oshirilgani bo‘ldi.
“Minimal narx atrofidagi vaziyat ar-Riyod paradigmasi o‘zgarganidan dalolat bo‘lishi mumkin: endi ular raqiblarga bozorning kichik bir qismini berishga tayyor, buning natijasi o‘laroq esa bozor muvozanatga kelishini va neft narxi o‘sishini kutadi”, — xulosa qildi agentlik ekspertlari.
Boshqa tomondan, oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, Saudiya Osiyodagi ikki xaridor bilan iyul oyidan Arab Light neftini yetkazish hajmlarini oshirish borasida kelishuvga erishgan. Xaridorlar kim ekanligi va eksport hajmi qanday bo‘lishi ma’lum emas.
Izoh (0)