Kompaniya mintaqaviy bozorda ishlasa, uning nomi barchaga tushunarli bo‘ladi, ammo biznesning globallashuvi bilan chet elliklar brend nomini buzib ayta boshlaydi. Jumladan, qator mashhur texnologik brendlarning nomlari ko‘pchilik tomonidan noto‘g‘ri talaffuz qilib kelinmoqda. “Layfxaker” mana shunday brendlarga to‘xtalib o‘tdi.
Huawei
Xitoyning mashhur telekom-kompaniyasi nomi odatda “Xu-a-vey” deb aytiladi. Aslida esa so‘z boshidagi H o‘qilmaydi. To‘g‘ri talaffuz — “Va-vey”.
Xiaomi
Xitoyning yana bir texnologik kompaniyasi nomini boshqa davlatlardagi xaridorlariga yetkaza olmay halak. Uni qanday buzib o‘qishmaydi deysiz: “Syaomi”, “Ksyaomi”. To‘g‘ri talaffuz — “Shao-mi”.
Asus
Bir qarashda, bu yerda muammo yo‘qday — “Asus” deysan-qo‘yasan. Lekin buning ham o‘ziga yarasha murakkabliklari bor ekan. To‘g‘ri talaffuz — “Ey-zus”.
Mac OS X
Apple’ning asl muxlislari ham ko‘pincha buning talaffuzida chalkashadi. Odatiy xato — “Mak o-es iks”. Gap shundaki, X bu yerda “iks” harfi bo‘lmay, o‘n sonidir. To‘g‘ri talaffuz — “Mek o-es ten”.
MIUI
Xitoy gadjetlarining sirtida ketma-ket keladigan uchta unli qanday aql sohiblarini bosh berk ko‘chaga kiritib qo‘ymagan deysiz. “Mi-ui”, “May-ui” — bular hali kulgiga sabab bo‘lmaydigan yanglish talaffuzlardir. To‘g‘ri talaffuz — “Mi-yu-ay”.
Exynos
Koreyaning Android-smartfonlari ishqibozlariga Samsung Exynos apparat platformasi yaxshi tanish. Lekin bu ham yanglish talaffuzdan saqlamaydi. “Iksaynos”, “Ekzaynos”larni unuting, to‘g‘ri talaffuz — “Ek-si-nos”.
Sennheiser
Taniqli naushnik ishlab chiqaruvchisi ham o‘qib bo‘lmaydigan nomi bois ko‘p kalaka qilinadi. Odatda “Senxayzer” varianti uchraydi, ba’zi birovlar jonini qiynamay “senxi” deb qo‘ya qoladi. Bu deyarli to‘g‘ri, lekin, kompaniya Germaniyaniki ekanligini inobatga olsak, so‘z boshidagi S harfini “z” deb o‘qish kerak. To‘g‘ri talaffuz — “Zen-xay-zer”.Bose
Audiouskunalar ishlab chiqaruvchisining nomini odatda “Bose” va “Bos” shaklida buzib o‘qishadi. To‘g‘ri talaffuz — “Bouz”. Kompaniya asoschisi Amar Gopal Bouz sharafiga shunday nomlangan.
Qi
Sizda simsiz quvvatlantiriladigan planshet yoki smartfon bo‘lsa, bilingki, u Qi texnologiyasi asosida ishlaydi. Uning nomini ko‘plar “Kui” yoki “Kvi” deb o‘qiydi. Lekin aslida bu nom xitoy falsafasining mashhur tushunchalaridan biridan olingan. To‘g‘ri talaffuz — “Si” yoki “Chi”, ma’nosi — “hayot kuchi”, “energiya”.
Xerox
Kompaniya nomi allaqachon barcha nusxa ko‘chiruvchi uskunalarning umumiy otiga aylanib qoldi. “Kseroks”, “kserokopiya” so‘zlari kundalik hayotimizda nihoyatda keng qo‘llanadi. Lekin bunday o‘qilish aslida xatodir. To‘g‘ri talaffuz — “Zi-roks” yoki “Zi-e-roks”.
Izoh (0)