Xorazm viloyatida “Gazli—Nukus” va “Buxoro—Ural” magistrallarini birlashtiruvchi yangi gaz quvurini o‘tkazish bo‘yicha burg‘ulash ishlarining boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda, O‘zAga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Tadbirda viloyat hokimi Po‘lat Bobojonov ishtirok etdi.
120 milliard so‘m qiymatga ega loyiha “Urganchtransgaz”, “Janubgazqurilish” va “Neftgazmontaj” korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
74 kilometr uzunlikdagi gaz quvuri Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati hududlaridan o‘tadi. Qurilishning dastlabki ikki bosqichi yakunlanib, uchinchi bosqich doirasida Amudaryo tubidan 20 metr chuqurlikda 1020 millimetr diametrdagi 850 metrlik gaz quvuri o‘tkaziladi.
Qurilishga 500 muhandis, ishchi va mutaxassislar, shuningdek, 200 maxsus texnika birligi jalb etilgan.
Gaz quvuri 52 kanal, kollektor, avtomobil va temir yo‘llarini kesib o‘tadi. Loyiha 2015—2017-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Muhandis-quruvchilar qurilish-montaj, burg‘ulash ishlarini hamda gaz quvurlari izolyatsiyasini shu yilning sentabriga qadar yakunlashni rejalashtirgan.
Gaz quvurining qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 6-dekabridagi “Urganch shahrining bosh rejasini amalga oshirish, obodonlashtirish ishlarini va Xorazm viloyati aholisining ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muvofiq olib borilmoqda.
Izoh (0)