Tataristonda 14 yoshli o‘smir Myosha daryosida cho‘milayotgan 9 yashar bolakayni qutqarmoqchi bo‘lib, o‘zi cho‘kib ketdi. Bu haqda respublika FVVga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Pestrechinsk tumanidagi Myosha daryosida 16-iyun kuni Kulayev o‘rta maktabining 14 yoshli o‘quvchisi cho‘kayotgan 9 yashar bolakayni qutqarmoqchi bo‘lib, o‘zi cho‘kib ketdi”, – deyiladi FVV bayonotida.
Noxush voqea guvohlari so‘roq qilingach, 9 yoshli bolakay daryoda bir o‘zi, ota-onasi nazoratisiz cho‘milayotgani ma’lum bo‘ldi. Qirg‘oqda yordam ovozlari etishilgach, 14 yoshli o‘smir o‘zini daryoga tashladi. U cho‘kayotgan bolakay oldiga kelganidan so‘ng, 9 yoshli bola sarosimada o‘smirni cho‘ktira boshlagan.
“Ko‘ngilsiz voqeani ikki nafar erkak ko‘rib qoldi. Dastlab, suv sathida bo‘lgani uchun ular bolakayni qirg‘oqqa olib chiqdi. Keyin o‘smirni suvdan olib chiqish uchun qaytgan erkaklar uni topolmadi”, – deb aniqlik kiritdi respublika FVV.
Myosha daryosining har ikki sohilida ko‘ngillilar tomonidan tashkil qilingan qidiruv ishlari samara bermadi. Voqea sodir bo‘lganidan ikki soat o‘tib, g‘avvoslar o‘smirning jasadini 4 metr chuqurlikda topdi.
Izoh (0)