Tojikiston Oliy sudi isyonchi general, mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzodaning 12 safdoshiga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda 14-iyun, seshanba kuni mahalliy matbuot ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Hukm qilinganlarning qarindoshlaridan kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra, sud Sadriddin Ne’matov va Siroj Odinayevni umrbod qamoq jazosiga, Amrullo Nurovni esa 23 yilga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilgan.
Qolgan to‘qqiz nafar hukm qilinganlarning ismlari va hukm mazmuni hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning 4-sentabr kuni Nazarzodaning guruhi Tojikiston IIVning Vahdat shahar bo‘limiga va Dushanbe ichki ishlar organlari maxsus bo‘linmasiga hujum qilgan edi.
Ushbu guruhni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya 16-sentabrga qadar davom etib, uning natijasida generalning o‘zi, uning o‘rinbosari, polkovnik Junaydullo Umarov va Nazarzoda guruhining 25 nafar a’zosi o‘ldirilgan edi. Shuningdek, isyonga aloqadorlikda gumon qilinib 200 dan ortiq odam qo‘lga olingan edi.
Izoh (0)