Yaponiyaning Suzuki Motor Corp. korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Osamu Suzuki avtomobillarda yoqilg‘i sarfi haqidagi ma’lumotlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq janjal tufayli lavozimini tark etadi. Bu haqda, The Wall Street Journal nashriga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
Suzuki iyun oxirida o‘tadigan aksiyadorlar yig‘ilishida o‘z nomzodini ko‘rsatmasligini ma’lum qildi. Shunga qaramay, u kompaniya raisi mansabini saqlab qoladi.
“Biz yetkazgan bezovtalik uchun yana bir bora uzr so‘rayman”, — deb so‘ziga yakun yasadi Suzuki.
Bundan tashqari, korporatsiya ijrochi prezidenti o‘rinbosari Osamu Xonda ham iste’fo beradigan bo‘ldi.
May oyining oxirida Suzuki 26 ta modelda Yaponiya regulyatorlari tan olmagan yoqilg‘i sarfini sinash metodlaridan foydalanganini e’lon qildi. Ilgari bu holat 16 modelda qo‘llangani ma’lum qilingan edi. Shu tufayli may oyida sotuvlar hajmi 18 foizga qisqarib ketdi.
Izoh (0)