5-iyun kuni Madriddagi “Santyago Bernabeu” stadionida “Real”ning yaqin o‘tmishdagi yulduzlari “Ayaks” sobiq futbolchilariga qarshi saf tortdi.
O‘z vaqtida millionlab muxlislar mehrini qozongan futbolchilar ishtirokidagi bellashuvda Madrid jamoasining qo‘li baland keldi.
14-daqiqada Roberto Karlos to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishga harakat qilgandi. To‘p esa Klarens Zeyedorfning oyog‘iga tegib, “Real” darvozasidan joy oldi.
“Qirollik klubi” futbolchilari birinchi bo‘limning o‘zidayoq ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Avvaliga Luish Figu darvozabon Edvin Van Der Sar hamda “Ayaks” himoyachisining xatosidan unumli foydalangan bo‘lsa, keyinroq Stiv Makmanaman jamoasini oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘lim debyutida Emilio Butragenyo hisobni 3:1 ko‘rinishiga olib keldi.
Shu kuni har ikki jamoa safida Buyo, Salgado, Velasko, Roberto Karlos, Yerro, Makmanaman, Zeyedorf, Guti, Raul, Figu, Kontreras, Lyorente, Butragenyo, Ivan Peres, Dani, Amaviska, Solari, Van der Sar, Riziger, Xeytinga, Finidi, De Bur, Overmars kabi mashhur futbolchilar to‘p surdi.