AQSh prezidentlik lavozimi uchun saylovlarda Respublikachilar partiyasidan rasman nomzodlik qilinishini kafolatlagan milliarder Donald Tramp uning demokrat raqibi Hillari Klintonning 2-iyun, payshanba kungi tashqi siyosat masalalari bo‘yicha nutqini “nohaqlik” deb atadi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Yolg‘onchi Hillari ekranda o‘qib bergan kechagi nutqida men gapirgan yoki men ishonadigan narsalarni eslatib o‘tdi. Biroq ular faktlarga asoslanmagan. Bu noinsoflik!” — dedi Tramp Twitter’dagi sahifasida.
Klinton Donald Trampga yadroviy kodlarni ishonib bo‘lmasligi haqida fikr bildirdi. U Tramp mamlakatni urushga boshlashi mumkin deb hisoblaydi. Klinton uni AQShning tarafdorlari va do‘stlari bilan mojarolarni qidirishda aybladi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp delegatlarning 1 239 ovozini to‘plab, 18—21-iyul kunlari Klivlendda bo‘lib o‘tadigan partiya milliy syezdida Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentlik lavozimi uchun nomzodi ilgari surilishini oldindan kafolatladi.
Shu bilan bir paytda, Klinton Demokratik partiyaning Filadelfiyada 25—28-iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan milliy syezdida nomzodi ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan 2 383 ovozni haligacha to‘play olmagan. Hozirda u 2 312 ta ovoz to‘plagan.
Izoh (0)