Reddit saytining zambuka42 nikli afrikalik foydalanuvchisi Windows 10 dasturiy ta’minoti uning kompyuteriga yashirincha o‘rnatilib, 6 Gb trafik sarflaganidan nolidi. Afrikaning olis hududlarida tarmoqqa ulanish uchun sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalaniladi, bunda 1 Mb trafik 5 dollar turadi. Shu tariqa, Windows 10 uchun sarflangan trafik narxi 30 720 dollarni tashkil etadi, deb ma’lum qilmoqda Meduza.
Redditor o‘z postingida Afrikada jonivorlarni qurolli brakonyerlardan himoya qilish bo‘yicha bir tashkilotda kichik samolyot boshqaruvchisi bo‘lib ishlashini aytib o‘tdi. Bir muddat ilgari samolyot avariyaga uchragan ekan. Ta’mir davom etarkan, foydalanuvchi tashkilotdagi IT muammolarini hal qilish bilan band bo‘ldi va kompyuterlardan biri yangilanishlarni ko‘chirishda 6 Gb trafik sarflaganini payqab qoldi.
“Men Markaziy Afrika Respublikasida istiqomat qilaman. Biz sekin ishlaydigan sun’iy yo‘ldosh interneti uchun pul to‘laymiz (trafikning har bir megabayti uchun).
Kompyuterlarimizdan biri Windows 10 o‘rnatish uchun bilintirmay 6 Gb ko‘chirib olibdi.
Biz brakonyerlarga qarshi kurashuvchi reynjerlarni kuzatamiz va ularning harakatlarini muvofiqlashtirib boramiz, bunda +GPS kompyuterlaridan foydalanamiz”, — deb yozdi u.
Muhokamalar chog‘ida ayrim foydalanuvchilar operatsion dasturni almashtirishni, shuningdek, Indiegogo kraudfanding maydonchasi orqali xayriya pullari jo‘natishni taklif qildi. Muallif, o‘z navbatida, gap pulda emasligini, reynjerlarning hayoti kompyuterlarning barqaror ishlashiga bog‘liqligini aytdi.
“Biz qurolli harbiylashgan brakonyerlar olovi ostidagi reynjerlarni muvofiqlashtirayotgan paytimizda majburiy yangilanish yuklansa va kompyuterni ishdan chiqarsa... ularning qoni sening qo‘llaringda bo‘ladi, Microsoft”, — deb ta’kidladi u.
Izoh (0)