Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Janubiy Amerikada Zika virusi tarqalishi tufayli, Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan Yozgi olimpiada o‘yinlarini boshqa muddatga yoki boshqa mamlakatga ko‘chirish taklifiga rad javobi berdi, deb yozadi “Interfaks”.
“Butun dunyo bo‘ylab 60 ta mamlakatda, shu jumladan, 39 ta Shimoliy, Janubiy va Markaziy Amerika davlatlarida qayd etilgan Zika bezgagi bilan bog‘liq hozirgi vaziyat Olimpiadani ko‘chirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi”, — deyiladi JSST bayonotida.
Tashkilotdagilar fikricha, Olimpiada o‘yinlarini ko‘chirish orqali kasallikning tarqalishiga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazib bo‘lmaydi.
Shunga qaramay, JSST homilador ayollarga kasallik avj olgan hududlar, jumladan, Rio-de-Janeyroga ham kelmaslikni tavsiya qiladi. Zika virusi qayd etilgan hududlarga tashrif buyurmoqchi bo‘lganlarga repellent (hasharotlardan himoya qiluvchi vosita)lardan foydalanish maslahat beriladi, chunki aynan chivinlar bezgakni tarqatadi.
Avvalroq tibbiyot sohasining 152 mutaxassisi 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlarini Zika virusi bois Rio-de-Janeyrodan boshqa yerga ko‘chirish yoki uni bekor qilish so‘ralgan xatni imzolagan edi.
Izoh (0)