OPEKning yangi bosh kotibi lavozimini Indoneziya vakili egallashi mumkin. Bu haqda 27-may, juma kuni Venadagi diplomatik manba “Interfaks” nashriga xabar berganligi ma’lum qilinmoqda.
Nashr manbasi ushbu masala bo‘yicha umumiy kelishuvga kartelga a’zo mamlakatlarning iyundagi uchrashuvida erishilishini ma’lum qilgan.
“Bo‘lajak uchrashuvda yangi bosh kotibning saylovi o‘tkaziladi va unda umumiy kelishuvga erishilishi mumkin”, — deydi agentlik suhbatdoshi.
Agentlik manbasi, shuningdek, Indoneziya vakilining yangi bosh kotib lavozimini egallash ehtimoli katta ekanligini qo‘shimcha qilgan.
OPEKning amaldagi raisi Abdulla Salim al-Badrining vakolati dekabrda tugagandi, ammo yangi bosh kotib nomzodi bo‘yicha kelishuvga erishilmagani bois u 2016-yilning iyunigacha bosh kotib vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
Izoh (0)