21-may kuni Qozog‘istonning ko‘pgina yirik shaharlarida ruxsat etilmagan mitinglarda ishtirok etish uchun ko‘chalarga chiqqan shaxslar millatlararo nifoq keltirib chiqarib, hokimiyatni egallashga urinishni amalga oshirdi. Bu borada Qozog‘iston bosh prokuraturasi bayonot berdi, deb xabar qilmoqda “RIA Novosti”.
21-may kuni ko‘pgina shaharlarda Yer kodeksiga o‘zgartishlar kiritilishiga norozilik bildirish maqsadida namoyishlar uyushtirildi. Jamoatchilik faollari mitinglar o‘tkazishga ruxsat so‘rab hokimiyatlarga murojaat qilgan, ammo bunga izn berilmagan edi. Shunga qaramay, mitinglar bo‘lib o‘tdi.
“Bunday voqealar qanday oqibatlarga olib kelishiga yaqqol misol — Liviya, Suriya, Misr va postsovet mintaqasidagi bir qator davlatlar”, — deyiladi bayonotda.
Bosh prokuratura matbuot xizmati turli shaharlarda namoyishchilar politsiyaga tajovuz qilib, provokatsiya uyushtirganini, shuningdek, politsiya tomonidan o‘ldirilgani iddao qilingan erkakning jasadi ko‘rsatilgan fotosurat odamlar orasida tarqatilganini aytib o‘tdi.
Izoh (0)