Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Instagram’dagi sahifasi orqali amerikalik teleboshlovchi Jon Oliverga javob berdi, deb yozmoqda TJournal.
Ilgariroq Qodirov mitti yo‘lbarsga o‘xshash mushugi izsiz yo‘qolganini xabar qilgan edi. Siyosatchi Instagram’dagi obunachilariga murojaat etib, ulardan yordam so‘ragan edi.
Oliver HBO telekanalidagi Last Week Tonight ko‘rsatuvi doirasida siyosatchiga yordam ko‘rsatishni so‘radi. U ijtimoiy tarmoqlarda #findkadyrovscat heshtegidan foydalangan holda Qodirovga xabar yo‘llashni taklif qildi.
“Unga ‘Mushugingizni ko‘rdim’ degan xabar yo‘llang. Agar ko‘rmagan bo‘lsangiz, u bilan ‘Mushugingizni ko‘rmadim’ xabari yordamida bog‘laning. Agar uning mushugiga o‘xshash biror jonivorni ko‘rgan bo‘lsangiz, uni suratga olib jo‘nating, ostiga ‘Bu sizning mushugingizmi?’ degan so‘zlarni ilova qiling”, — deb o‘z g‘oyasini tushuntirdi boshlovchi.
Qodirovning ta’kidlashicha, unga go‘yoki mushugi aks etgan fotosuratlar butun dunyodan — Yaponiyadan, Islandiyadan va hatto Oq Uydagi Oval xonadan kelmoqda.
“Yordamingizdan minnatdorman, ammo bu mening mushugim emas. Hatto AQShning HBO telekanali qidiruvlarga qo‘shilgani ma’lum bo‘ldi. Teleboshlovchi va qiziqchi Jon Oliver millionlab tomoshabinlardan menga yordam berishni so‘radi. AQSh mening jonivorlarimga befarq emasligini ko‘pdan beri bilardim”, — deb yozdi siyosatchi.
Qodirov o‘z profiliga Oliverning fotoshoplangan suratini joylashtirdi: uning kostyumi ustidan Vladimir Putin aks etgan futbolka va quyidagicha yozuv qo‘shilgandi: “Men hazillardan charchadim. Endi meni Checheniston mushuklari bezovta qilmoqda. Ha, darvoqe, Putin — bizning yetakchimiz”.
Shu tariqa u o‘zining Putin tasviri tushirilgan futbolkalarga mehri haqidagi Oliverning haziliga javob qaytardi.
“Millionlab odamlar millat yetakchisi tasvirlangan futbolkalardan quvonadi. Bu yaxshi motivatsiya”, — deb ta’kidladi u.
Izoh (0)