Gretsiya hukumati mamlakatdagi qochoqlarning eng yirik norasmiy lagerini ko‘chirish bo‘yicha operatsiyani boshladi. Makedoniya bilan chegaradosh Idomeni qishlog‘idagi operatsiya tong yorishgan paytda boshlandi. Bu haqda, Associated Press agentligi ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Lagerga 400 ga yaqin kuch xodimlari yetib kelib, uning hududiga kirishni berkitdi. Gretsiyada muhojirlar bilan bog‘liq inqirozni yengish bo‘yicha shtab vakili Giorgos Kiritsisning aniqlik kiritishicha, politsiya kuch ishlatmaydi, operatsiya esa yetti kundan o‘n kungacha davom etadi.
Operatsiya natijasida qochoqlar hukumat tomonidan ular uchun qurilgan lagerlarga jo‘natiladi. Norasmiy lagerga xavfsizlik xodimlaridan tashqari, yo‘lovchi avtobuslari ham yetib kelgan.
Gretsiyadagi qochoqlarning eng yirik norasmiy lageri chegarani piyoda kesib o‘tgan va Shimoliy Yevropaga yo‘l olgan odamlardan tashkil topgan. Lagerda jami 8,4 mingga yaqin odam joylashgan.
Izoh (0)