O‘zbekistonlik sportchi Nigina Abduraimova Yaponiyaning Kurume shahrida bo‘lib o‘tgan, mukofot jamg‘armasi 50 ming dollarga teng ITF turkumidagi tennis turnirining vitse-chempioniga aylandi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, final bahsida 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi yaponiyalik Kyoka Okamuraga qarshi kortga chiqdi. Ikki soat 52 daqiqa davom etgan bellashuvda 7:6, 1:6, 7:5 hisobi qayd etilib, mezbon tennischining foydasiga hal bo‘ldi.
Qiyos uchun, Nigina Abduraimova WTA reytingida 219, Kyoka Okamura esa 272-pog‘onani egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, finalga qadar Abduraimova fransiyalik Josefin Bualemni 6:4, 7:6, yaponiyalik Kanae Hisameni 4:6, 6:3, 6:1, britaniyalik Keti Danni 6:4, 6:3 hamda rossiyalik Kseniya Likinani 6:1, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Izoh (0)