Donbassni janglar yordamida qaytarishning iloji yo‘q. Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko bu haqda mamlakat milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Kommersant”.
Davlat rahbarining bildirishicha, Donbassdan qurolli tuzilmalarning olib chiqilishi, asirlarning ozod qilinishi, mojaroni bartaraf etishning siyosiy asoslari, davlat chegaralari ustidan nazoratning o‘rnatilishi Ukraina tayanib kelayotgan tamoyillardir. Bu choralarga o‘tish davrini ta’minlashga ko‘mak beradigan YeXHT maxsus politsiya missiyasi kiritilishi ham yordam beradi.
“Nimani ro‘kach qilishlaridan qat’i nazar, tinchlik jarayonini buzishga bo‘lgan harakatlar davlatga nisbatan mas’uliyatsizlik, bu faqat Donetsk hamda Lugansk viloyatlari bir qismi okkupatsiya ostida qolishiga olib keladi. Bunga esa oliy bosh qo‘mondon va prezident sifatida yo‘l qo‘ya olmayman”, — deya ta’kidlagan Poroshenko.
20-may, juma kuni Kiyevda, Oliy Rada devorlari oldida Donbassdagi aksilterror operatsiyalarida ishtirok etgan jangari kayfiyatdagi “Azov” batalyoni a’zolarining ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan. Turli manbalarga ko‘ra, namoyishda 3 mingdan 10 minggacha bo‘lgan kishi qatnashgan.
Izoh (0)