Rossiya Yaponiya bilan Kuril orollarining berilishi yoki sotilishini muhokama qilmayapti. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 20-may, juma kuni Sochida, jurnalistlar bilan matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
Putin jurnalistning Rossiya Yaponiya bilan tinchlik shartnomasini imzolash masalasida savdolashayotgani yoki yo‘qligi haqidagi savoliga “Rossiya ko‘p narsani sotib otishga tayyor, ammo hech nima sotmaydi. Barcha sheriklar, jumladan, Yaponiya bilan muloqotga shaymiz, xususan, tinchlik shartnomasini tuzish yuzasidan ham”, deya javob bergan.
U Moskva Tokio bilan iqtisodiy hamkorlikni mazkur shartnoma tuzilishiga bog‘lamasligini bildirdi. “Biz munosabatlarni rivojlantirishni istaymiz, xolos. Birini ikkinchisi bilan bog‘lamaymiz, o‘zaro aloqalarning barcha yo‘nalishlarini muhokama qilamiz”, — deya ta’kidlagan davlat rahbari.
6-may kuni Sochida Vladimir Putinning Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan muzokaralari bo‘lib o‘tgan, uning yakunlari bo‘yicha Abe rossiyalik hamkasbiga Kuril orollari muammosini hal etishning yangi yechimini taklif etgani va Rossiya prezidenti ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaganini bildirgandi.
Izoh (0)