“O‘zekspomarkaz”da mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish, axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkalari boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘tgan yili tarmoq sanoat yarmarkasida 165 korxona ishtirok etib, 1200 turdagi mahsulotlarni namoyish etgan va ularning 82 tasi mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilgan yangi tovarlar edi. Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zagrosanoatmashxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zagromashservis” uyushmasi tarkibiga kiradigan 220 dan ortiq korxona, shuningdek, kichik biznes subyektlari va boshqalar o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda.
Marketing va savdoni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Farrux Shokirovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilgi tarmoq sanoat yarmarkasida 14 korxona 260 dan ziyod turdagi mahsulotni namoyish etmoqda. Ularning 40 tasi mutlaqo yangidir. “Sino” aksiyadorlik jamiyati, Artel savdo belgisi ostidagi kompaniyalar guruhi, Zenith Electronics qo‘shma korxonasi va boshqalar shular jumlasidandir.
Toshkent va Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodlari, agregat zavodi, “Texnolog”, “Urganchkormmash” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa korxonalar bir necha turdagi traktor, tirkama, paxta terish mashinasi, purkagich, seyalka, rotorli o‘roq, o‘g‘it sepgich, shuningdek, paxta terish mashinalarining butlovchi va ehtiyot qismlari, plug va kultivatorlarni namoyish etmoqda.
Tarmoq yarmarkasida “O‘zagromashservis” uyushmasi korxonalari fermer va dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Mazkur korxonalar mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Yarmarka davomida korxonalar tomonidan o‘tkaziladigan taqdimot marosimlarida mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini, mahsulotlarni standartlashtirish, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar olish mumkin. Shuningdek, tadbir doirasida “Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish — ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish istiqboli” mavzuida seminar o‘tkaziladi.
Izoh (0)