26–28-may kunlari Buxoro shahrida XV Ipak va ziravorlar festivali o‘tkaziladi. Bayram tadbirlari shaharning tarixiy qismidan ishtirokchilarning milliy liboslarda o‘tishidan boshlanadi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Tadbirlar dasturi doirasida oziq-ovqat yarmarkasi o‘tkazilib, unda mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etadi. Gilamdo‘zlik, tikuvchilik, hunarmandchilik ustalari o‘z sohalari bo‘yicha mahorat darslarini o‘tkazadi. Dasturga, shuningdek, yosh dizaynerlarning atlas va adras liboslari namoyishi kiritilgan.
“Buxoroning tarixiy, ijtimoiy-madaniy an’analarini rivojlantirish zamonaviy tamaddun talablari kesimida” mavzuidagi konferensiyada diplomatik korpuslar, xalqaro tashkilotlar, mahalliy va xorijiy mutaxassislar turistik infrastruktura va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqadi. Hamkorlik yuzasidan hamda bir qator investitsion loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Festivalning ko‘ngilochar qismiga respublikaning turli mintaqalaridan tashrif buyurgan folklor jamoalarining konsertlari va gala-konsert kiritilgan. Festival mehmonlari, shuningdek, xalq o‘yinlarini — qo‘y va xo‘roz jangi, dorbozlik — kuzatishi mumkin bo‘ladi. Palov sayli esa oshpazlar o‘rtasidagi musobaqani kuzatish imkonini beradi.
Izoh (0)