Germaniyaning Gannover shahrida o‘q otish bo‘yicha o‘tkazilgan yirik xalqaro turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar shaxsiy hamda jamoaviy bahslarda sovrindor bo‘ldi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Jumladan, shaxsiy hisobda bo‘lib o‘tgan bahslarda Vadim Skorovarov pnevmatik miltiqdan (VP-6) o‘q otish yo‘nalishida eng yuqori natijani qayd etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Pnevmatik to‘pponchadan o‘q otish bahslarida ishtirok etgan yana bir o‘zbekistonlik sportchi Muslima Yuldasheva kumush medal sovrindoriga aylandi.
Pnevmatik miltiqdan o‘q otish bo‘yicha jamoaviy bahslarda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Vadim Skorovarov, Saidxon Sayfutdinov va Suxrob Mirzajonov kumush medal sovrindori bo‘ldi. Oltin medalni Germaniya jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bronza medali Daniya jamoasiga nasib etdi.
Qayd etish kerakki, mazkur xalqaro turnirda dunyoning 37 davlati vakillari g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Izoh (0)