12—14-may kunlari Jizzax shahrida Gyote institutining Toshkentdagi vakolatxonasi va OXUS Culture tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamkorligida “Davlat madaniyat muassasalari xodimlari uchun menejment” mavzusida seminar treninglar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda OXUS Culture tashkiloti matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Trening davomida ishtirokchilar o‘zlari uchun dolzarb bo‘lgan mavzularda loyihalar yaratish, rejalashtirish, reklama va homiylar bilan ishlash, loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirdi va zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Forish tumani madaniyat va sport ishlari bo‘limiga qarashli 1-tip madaniyat va aholi dam olish markazi, Yoshlar va madaniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha mutaxassis Lobar Hakimova “Madaniyat xodimlari kuni” loyihasini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra madaniyat xodimlarining kasb bayrami ilk bor nishonlanishi, samarali mehnat qilayotgan xodimlar maxsus ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi, o‘z maxsus liboslarini yaratishi va taqdirlash marosimida havaskorlar tomonidan konsert dasturi tayyorlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Bu loyiha birlamchi shaklda Forish tumanida o‘tkazilishi loyihaga kiritilgan. Yuqorida ko‘rsatilgan treninglar respublikaning Namangan, Navoiy, Uchquduq va Boysun shaharlarida o‘tkaziladi.
Izoh (0)