Turkiyaning Istanbul shahrida sport kurashlari bo‘yicha Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi ikkinchi jahon saralash turnirida o‘zbekistonlik erkin kurashchilar Bekzod Abdurahmonov va Abbos Rahmonov final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, to‘rt yillikning eng nufuzli turnirida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
-57 kilogramm vazn toifasida ishtirok etayotgan Abbos Rahmonov nimchorak finalda pokistonlik Muhammad Bilolni 7:0, chorak finalda venesuelalik Pedro Rodrigesni 8:1, yarim finalda qirg‘izistonlik Samat Nodirbek o‘g‘lini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va Rio–2016 Olimpiadasiga yo‘llanma oldi. Hal qiluvchi bahsda Rahmonov turkiyalik Suleyman Atliga qarshi bellashadi.
-74 kilogramm vaznda kurashayotgan Bekzod Abdurahmonov finalga qadar tailandlik Padipat Vantavong (4:0), latviyalik Alberts Yurchenko (2:0), avstriyalik Amirxan Visalimov (12:0) hamda qirg‘izistonlik Sayakbay Yusupovni (12:2) mag‘lubiyatga uchratib, turnirga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Finalda Abdurahmonov ispaniyalik Taymuraz Friyevga qarshi bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, mazkur turnirda 1 va 2-o‘rinlarni egallagan sportchilar Rio–2016 Olimpiadasida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Izoh (0)