Braziliyada smartfon egalarining 96 foizi foydalanadigan WhatsApp messenjeri hukumat buyrug‘iga ko‘ra bloklanganidan so‘ng uning raqobatchisi — Telegram messenjeriga 7 million yangi foydalanuvchi ulandi. Bu haqda “Hi-Tech.Mail.ru” xabar bermoqda.
WhatsApp’ga egalik qiluvchi Facebook kompaniyasi Braziliya rasmiylari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani bois messenjer yopib qo‘yildi. Hukumat kompaniyadan foydalanuvchilarning shaxsiy yozishmalarini taqdim etishni talab qilgan edi.
WhatsApp boshlig‘i o‘rinbosari Yan Kum Braziliya ulardan yo‘q narsani berishni talab qilayotganini aytdi, negaki foydalanuvchilarning yozishmalari serverlarda saqlanmaydi.
Sud WhatsApp’ni 72 soatga bloklab qo‘yish haqida qaror qabul qildi. Shunga qaramay, 3-may kuni, mahalliy vaqt bilan 19:00 atrofida messenjer faoliyati qayta tiklandi.
Bundan tashqari, WhatsApp bloklanganidan keyingi bir sutka mobaynida ICQ messenjerining o‘rnatilish hajmi 45 barobarga ko‘paygani aytilmoqda.
Facebook asoschisi Mark Sukerberg foydalanuvchilarga murojaat qilib, messenjerlar va boshqa internet servislarini bloklashga qarshi namoyishlar uyushtirishga chaqirdi.
Internet Freedom House tashkiloti faollari 4-may kuni parlament devorlari ostida to‘planib, deputatlardan qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritgan holda bundan buyon messenjerlar bloklanishining oldini olishni talab qilmoqchi.
Izoh (0)