Argentinaning asosiy tog‘-chang‘i kurorti sanaladigan San-Karlos-de-Bariloche shahrida tug‘ilgan har bir chaqaloq uchun bittadan daraxt ekiladi. Tegishli qaror shahar kengashi tomonidan bir ovozdan qabul qilindi, deya xabar beradi “TASS”.
Loyihaga ko‘ra, ota-onalar farzandlari tug‘ilishi sharafiga qanday daraxt ekilishini tanlashi mumkin (yagona cheklov — o‘simlik mahalliy turga mansub bo‘lishi kerak). Meriya esa shaharda qancha bola tug‘ilsa, shuncha daraxt o‘tqazish majburiyatini oladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, San-Karlos-de-Barilocheda har yili o‘rtacha 2500 nafar chaqaloq dunyoga keladi.
Loyiha mualliflari fikriga ko‘ra, mazkur tashabbus keyingi yillarda siyraklashib qolgan mahalliy o‘rmonlarni tiklashga imkon berishi kerak. Rasmiylar buning natijalari bir necha yillardan keyingina ko‘zga tashlanishini tan olgan.
Izoh (0)