Meksika g‘arbidagi Gerrero shtatida joylashgan Akapulko shahrida zo‘ravonlikning kuchayishi oqibatida 155 ta maktabdan 100 tasi mashg‘ulotlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda, hudud gubernatori Ektor Astudilyoning bayonotiga tayanib, “TASS” xabar beradi.
Gubernator fuqarolarni tinchlanishga va odatiy hayot tarziga qaytishga chaqirdi.
25-aprel, dushanbaga o‘tar kechasi shaharda federal politsiya xodimlariga nisbatan navbatdagi hujumlar sodir etildi. Oqibatda tartib qo‘riqchilaridan biri yaralandi, jinoyatchilardan biri esa yo‘q qilindi.
Tinch okeani sohilidagi mashhur kurort shahar Akapulkoga hukumat oxirgi oylar davomida bir necha marta federal politsiya va qurolli kuchlarning qo‘shimcha bo‘linmalarini yubordi. Shunga qaramasdan, hozircha shaharda tartib o‘rnatishga erishilmadi.
Eslatib o‘tamiz, Akapulko shahrida 80 ta maktab jinoiy guruhlar tahdidi tufayli Rojdestvo munosabati bilan ta’tilga muddatidan oldin chiqqanligi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)