Italiya A seriyasida mavsum yakuniga 3 ta tur qolganida chempion jamoa nomi ma’lum bo‘ldi. Turning markaziy o‘yinida mag‘lub bo‘lgan “Napoli” oldindagi 3 ta tur natijasidan qat’iy nazar, endilikda “Yuventus”ga yeta olmaydi.
Turin klubi uchun bu 32-skudetto hisoblanadi va Italiyaning hech bir klubi bu borada “Yuventus” bilan raqobatlasha olmaydi. “Yuventus” ketma-ket besh mavsum davomida oltin medallarni hech kimga bermagan holat 1930—1935-yillar davomida ham kuzatilgandi. Bu voqea 2011—2016-yilgi mavsumlar oralig‘ida ikkinchi bor ro‘y berdi.
“Roma”ga qarshi mag‘lubiyat sabab “Napoli” Yevropa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini ham naqd qila olmadi. Turnir jadvalida to‘rtinchi bo‘lib turgan “Inter” nazariy jihatdan Neapol klubini quvib yetishi mumkin.
Endilikda A seriyada kurash kumush medallar va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini yutib olish uchun kechadi. 35-turdan keyin Napoli” 73 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Uchinchi pog‘onadagi “Roma” hisobida 71 ochko bor.
Italiya A seriyasi 35-tur bellashuvi 25 aprel, dushanba
Izoh (0)