Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi hamkorligida joylarda Toshkent zilzilasining (1966-yil 26-aprel) 50 yilligiga bag‘ishlab bir qator amaliy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ana shunday tadbirlardan biri Fuqaro muhofazasi institutida 22-aprel kuni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar Akademiyasining seysmologiya instituti, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi va boshqa bir qator vazirlik va idoralar mutaxassislari soha yo‘nalishi bo‘yicha ma’ruzalar qildi. Ishtirokchilar ma’ruzalar davomida zilzilalarning kelib chiqish sababi, ularni bashoratlash, O‘zbekistonda seysmologiya sohasini rivojlanishi, favqulodda vaziyatlarning profilaktikasiga oid bir qator ma’lumotlar oldi.
Shuningdek, ishtirokchilar zilzilalar tarixi muzeyi, ko‘rgazmalar zali va eng asosiysi zilzilani simulyatsiya qilish uskunasi bilan yaqindan tanishdi. Zilzilani simulyatsiya qilish uskunasi 9 ballgacha bo‘lgan zilzilani sodir qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, ishtirokchilar uning tebranish kuchlarini o‘zlari sinab ko‘rdi.
Izoh (0)