Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Magomed Ibragimov Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi jahon litsenzion turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etib, XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
-97 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Magomed Ibragimov finalga qadar kechgan bellashuvlarni g‘alaba bilan yakunlab, to‘rt yillikning eng nufuzli turnirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Nimchorak finalda Janubiy koreyalik Kim Jae-gangni 4:0 hisobida, chorak finalda esa Yaponiya terma jamoasi a’zosi Takeshi Yamaguchini 11:0 hisobida mag‘lub etgan o‘zbekistonlik kurashchi yarim finalda mo‘g‘ulistonlik Dorjxandin Xuderbulgadan 9:2 hisobida ustun keldi va final bahsiga chiqish bilan birga, Rio–2016 o‘yinlarining yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.
Final bellashuvida armanistonlik Georgiy Ketoyevga 3:4 hisobida imkoniyatni boy bergan Ibragimov yakunda kumush medal sovrindori bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 22-aprel kuni yunon-rum kurashi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan litsenzion turnirda ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi — Yelmurat Tasmuradov (-59 kilogramm) va Mo‘minjon Abdullayev (-130 kilogramm) Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
Shu tariqa, o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan Rio–2016 o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan yo‘llanmalar soni 70 taga yetdi. Shulardan 25 tasi paralimpiyachilarga tegishli.
Izoh (0)