Tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi a’zosi Nigina Abduraimova Turkiyaning Istanbul shahrida davom etayotgan, sovrin jamg‘armasi 50 ming dollarni tashkil qiluvchi Lale Cup turnirining yakkalik bahslarida o‘z ishtirokini yakunladi, deb xabar beradi “Olamsport”.
Musobaqaning yakkalik bahslari birinchi davrasida fransiyalik Fiona Ferroni 6:4, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan o‘zbekistonlik tennischi ikkinchi davrada ruminiyalik Aleksandra Kadantuga 4:6, 2:6 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘z vaqtida WTA reytingida 59-o‘ringacha ko‘tarilgan Kadantu ayni paytda 231-pog‘onadan joy egallab turibdi. 21 yoshli Abduraimova esa 229-o‘rinni band etgan.
Chexiyalik Barbora Stefkova bilan tandem hosil qilgan Abduraimova juftliklar bahsining ilk bosqichida Martina Karegaro (Italiya) va Reka-Luka Yani (Vengriya) duetiga qarshi kortga chiqib, 6:3, 6:4 hisobida zafar quchdi. Ikkinchi davrada Abduraimova/Stefkova tandemi gruziyalik Sofia Shapatova va ukrainalik Anastasiya Vasilyeva duetiga qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)