Samarqandning “Dinamo” jamoasi a’zolari, ayni vaqtda Toshkentning “Paxtakor” klubida ijara asosida to‘p surayotgan Doston Ibragimov va Saidjamol Davletjanov Tartib-intizom kodeksining bir necha bandlarini buzganligi sababli 1 million so‘mdan jarimaga tortildi, deb xabar beradi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
Davletjanov va Ibragimov 2016-yil, 23–30-mart kunlari o‘tkazilgan O‘zbekiston U-19 terma jamoasining yig‘inidan o‘zboshimchalik bilan ketib qolganligi haqidagi bosh murabbiy Jasur Abduraimov taqdim etgan raport jarimaga asos bo‘ladi.
Shu bilan birga, yoshlar terma jamoasiga nomzod bo‘lgan “Paxtakor” futbol klubi o‘yinchisi Jamshid Yusupovga terma jamoaning bir qator yig‘inlariga 2–3 kun sababsiz kechikib kelganligi uchun 500 ming so‘m miqdorida jarima solindi.
Jarimaga tortish haqidagi qaror O‘zbekiston futbol federatsiyasining Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi.
Jarimalar kor qilmagan taqdirda Doston Ibragimov, Saidjamol Davletjanov va Jamshid Yusupov muayyan muddatga futbolchilik litsenziyasidan mahrum qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Izoh (0)