O‘zbekistonlik tennischi Sabina Sharipova Yaponiyaning Kashiva shahrida davom etayotgan, sovrin jamg‘armasi 25 ming dollarni tashkil etuvchi ITF turkumidagi Kashiwa Open tennis turnirining chorak finalida mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, chorak finalda 21 yoshli Sharipova xitoylik Yafan Vangga qarshi kortga chiqdi va 5:7, 6:2, 4:6 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Taqqoslash uchun, Sabina Sharipova WTA reytingida 212, Yafan Vang esa 136-o‘rinni egallab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, dastlabki davrada o‘zbekistonlik tennischi Xitoy vakili Lin Chjuni 4:6, 6:4, 6:0, ikkinchi davrada yaponiyalik Ayaka Okunoni 6:0, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Shuningdek, musobaqaning juftliklar bahsida Xitoy Taypeyi vakili Pei-Chi Li bilan tandem hosil qilgan Sabina Sharipova dastlabki davrada yaponiyalik Momoko Kobori va Chixiro Muramatsu juftligini 6:3, 7:6 hisobida taslim qilgandi. Chorak finalda esa yaponiyalik Akiko Omae va Yuuki Tanaka duetiga qarshi bahs olib borgan Sharipova/Li juftligi 4:6, 1:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Izoh (0)