Futbol bo‘yicha Angliya 1-ligasi vakili “Suindon Taun” uch nafar futbolchisini chilim chekkanligi uchun jamoadan chetlashtirdi. Bu haqda SkySports xabar berdi.
Ivuarlik Drissa Traore, fransiyalik Jeremi Balmi hamda angliyalik Brendon Ormonde-Ottevillning mazkur vaziyat aks etgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi bilan ular to‘p suradigan “Suindon Taun” shunday qarorga kelgan. Video “Suindon Taun”ning chempionatda 21-o‘rinda borayotgan “Oldhem Atletik”ga 0:2 hisobida yutqazib qo‘ygan o‘yinidan keyin paydo bo‘lgandi.
“‘Suindon Taun’ o‘z futbolchilarining xulqi borasida ichki surishtiruv ishlarini boshladi. U tez orada ko‘rib chiqiladi va ish yakuniga yetguniga qadar klub mazkur holat yuzasidan boshqa izoh bermaydi”, — deyiladi jamoa bayonotida.
Qayd etish kerak, “Suindon Taun” olti turdan buyon raqiblarini mag‘lub eta olmay, 24 ta jamoa ishtirok etadigan Angliya 1-ligasida 15-o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)