Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan “Aqlli sinf” o‘quv auditoriyasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.
Xonadagi 40 ta planshet, elektron doska, proyektor, qo‘lda boshqariluvchi sensorli monitor, kamera, ovoz yozish va skaner moslamalari dars samaradorligini oshiradi. Ular orqali o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida talabalarga individual tarzda vazifalar berishi, ularning darsga yondashuvi, vazifani qay darajada bajarayotgani, muhimi, bilimini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Professor-o‘qituvchilar dars o‘tish bilan birga talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, faolligini bevosita kuzatib borishi uchun alohida xona ham tashkil etilgan.
“Aqlli sinf”dagi ilk dars ingliz tilida o‘tildi.
– Auditoriyada ko‘rgazmali vositalardan nusxa olib, elektron shaklda talabalarning pochta manziliga yuborish, monitorga yozilgan yozuvlarni xotirada saqlab qo‘yish, dars jarayonini foto va videoga olish imkoniyati yaratilgan, – deydi universitet korporativ boshqaruv kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilorom Begmatova. – Buning samarasida talabalar o‘tilgan mashg‘ulotni uyda ham qayta ko‘rib, mustaqil ishlay oladi. Ota-onalar ham internet orqali darslarni kuzatib borishi mumkin.
Tadbir doirasida ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash, ta’lim sifatini yaxshilash, amaliyot va o‘quv jarayoni integratsiyasini takomillashtirish maqsadida “Ipoteka-bank” bilan hamkorlikda “Innovatsion bank o‘quv xonasi” ham tashkil etildi.
Loyiha doirasida universitet pedagoglari uchun Germaniyaning Bremerxafen universiteti professori Volfgang Lukas seminar-trening o‘tkazdi. Unda zamonaviy pedagogik texnologiyalarning ahamiyati, sohaga mutaxassislik yondashuvi, o‘quv jarayonini tashkil etish, axborot texnologiyalaridan foydalanishning zarurati kabi yo‘nalishlarda ma’lumotlar berildi.
Izoh (0)