Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Sardor Rashidov JCh—2018 va Osiyo Kubogi—2019 saralashi doirasida 29-mart, seshanba kuni Toshkentda Bahraynga qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng O‘zMTRK “Sport” telekanaliga intervyu berib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston va Bahrayn terma jamoalari o‘rtasidagi saralash uchrashuvi 1:0 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakuniga yetdi. “Bunyodkor” stadionida tashkil etilgan o‘yindagi yagona gol yarim himoyachi Sardor Rashidov hisobiga yozildi.
“Bugungi o‘yin juda qiyin o‘tdi, to‘g‘risini aytsam, Bahrayndan bunday o‘yin kutmagandik. Xudoga shukr, g‘alaba qozondik, uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Golim bilan jamoaga yordam berganimdan xursandman. Barcha muxlislarga rahmat aytaman”, — dedi O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi.
“Terma jamoa tarkibidagi aksariyat futbolchilar o‘z milliy chempionatlarida ko‘plab o‘yinlarda maydonga tushgan va shu sababli ham bugungi o‘yinda ko‘plab futbolchilarda charchoq alomatlari sezildi. Nasib qilsa, kelasi bosqichda bundan-da chiroyli va qiziqarli o‘yin ko‘rsatamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Sardor Rashidov.
Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov Bahraynga qarshi o‘yin qiyin kechishi oldindan taxmin qilinganini aytib o‘tgan edi.
Izoh (0)