Futbol bo‘yicha Yevro—2016 ga tayyorgarlik ko‘rayotgan Germaniya va Angliya terma jamoalari Berlindagi “Olimpiashtadion”da o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va o‘yin inglizlarning irodali g‘alabasi bilan yakuniga yetdi. Germaniya terma jamoasi tarixda birinchi bor o‘z maydonida 2 ta gol farqi bilan oldinda bora turib, yakunda mag‘lubiyatga uchradi, deb yozadi “Sports.ru”.
Angliya milliy terma jamoasi safida bir necha yillardan buyon chempionlikni qo‘lga kirita olmay kelayotganlardan “Tottenxem”dan 4, “Liverpul” klubidan esa 3 nafar futbolchi bellashuvda ishtirok etdi.
Roy Xojson jamoasi ikkita gol farqi bilan hisobda ortda borayotganiga qaramay, o‘yin yakuniga yarim soat vaqt qolganida uch gol urishga erishdi.
Mavsumning Premyer-ligadagi eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan “Lester” hujumchisi Jeymi Vardi Angliya milliy terma jamoasidagi o‘zining debyut golini urishga erishdi.
“Championat.com”ning yozishicha, 29 yoshli hujumchi 31 yillik tanaffusdan so‘ng milliy terma jamoada “Lester” futbolchilari tomonidan gol urilishiga sababchi bo‘ldi. So‘nggi bor 1985-yilda Gari Lineker bunga muvaffaq bo‘lgandi.
Germaniya — Angliya 2:3
Gollar: Toni Kroos, 43 (1:0). Mario Gomes, 57 (2:0). Harri Keyn, 61 (2:1). Jeymi Vardi, 75 (2:2). Erik Dayer, 90 (2:3).Germaniya: Manuel Noyer, Mats Xummels (Jonatan Ta, 46), Yonas Xektor, Antonio Ryudiger, Sami Xedira, Emre Jan, Toni Kroos, Mesut Ozil, Marko Roys (Andre Shyurrle, 64), Tomas Myuller (Lukas Podolski, 75), Mario Gomes (Mario Gyotse, 79).Angliya: Jek Batlend (Freyzer Forster, 45), Gari Keyxill, Erik Dayer, Denni Rouz, Nataniel Klayn, Deli Alli, Adam Lallana (Ross Barkli, 71), Jordan Henderson, Kriss Smolling, Harri Keyn, Denni Uelbek (Jeymi Vardi, 71).
Uchrashuvdan keyingi fikrlar:
Jeymi Vardi (Angliya terma jamoasi hujumchisi):“Germaniya darvozasiga urgan golim men uchun shu mavsumdagi eng katta voqelik. Men o‘zimning ko‘rsatishga harakat qildim va buning uddasidan chiqdim. Jamoam esa g‘alaba qozondi”.Sami Xedira (Germaniya terma jamoasi yarim himoyachisi):
“Bugun biz o‘yin tashkil qilishda sust harakat qildik va bu bilan bizga berilgan asosiy ko‘rsatmani bajara olmadik”.Harri Keyn (Angliya terma jamoasi hujumchisi):
“Biz ajoyib o‘yin o‘tkazdik, ko‘proq hujum tashkil qildik va yanada ko‘proq gol urishimiz mumkin edi. Bu o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa-da, biz Angliyaning jamoa sifatidagi kuchini ko‘rsatib qo‘ydik”.Ioxim Lyov (Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi):
“Angliya terma jamoasi g‘alabaga haqli edi, deb hisoblayman. Biz tom ma’noda o‘yinni nazorat qila olmadik. Ikkinchi bo‘limda himoyada birinchisiga qaraganda ko‘proq xatoga yo‘l qo‘ydik. Angliya esa tezroq o‘ynadi”.Roy Xojson (Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi):
“Biz Germaniyani har doim ham mag‘lub etavermaymiz. Bu Fransiyani 2:0 hisobida yutganimizdan keyingi yurishimizning a’lo darajadagi davomi bo‘ldi. Ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ldik va uchta gol urdik. Bunga ishonish qiyin”.Erik Dayer (Angliya milliy terma jamoasi himoyachisi):
“Burchak to‘pi tepilayotganda, Hendersondan to‘pni darvozaning yaqin burchagi tomon oshirishni so‘radim. Jordan bu ishni a’lo darajada amalga oshirdi va to‘p to‘g‘ri mening boshimga uchib keldi. Hammasi shunday bo‘lganidan dahshatli darajada baxtiyorman”.
Izoh (0)