Sankt-Peterburg qonunchilik majlisi deputati Boris Vishnevskiy Rossiya tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinga murojaat yo‘llab, liberal-demokratik partiya yetakchisi Vladimir Jirinovskiyning Bryusseldagi teraktlar haqidagi so‘zlarini tekshirishni so‘radi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
22-mart kuni “Rossiya” telekanali efiriga chiqarilgan “Vecher s Vladimirom Solovyovim” dasturida Jirinovskiy Bryusseldagi teraktlar haqida kutilmagan rakursda bayonot bergan edi.
“Hozir Yevropada teraktlar bo‘lyapti. Ular davom etadi. Biz bundan manfaatdormiz. Ular o‘lib, qirilib ketaversin”, — degan edi siyosatchi.
Vishnevskiyning fikricha, Jirinovskiyning bu so‘zlarida terrorni oqlashga bo‘lgan urinish mavjud.
Kecha, 23-mart kuni Rossiya Davlat Dumasi spikeri Sergey Narishkin Jirinovskiyning Bryussel teraktlari qurbonlari xotirasiga hurmatsizlik ko‘rsatishi munosabati bilan unga tanbeh bergani xabar qilingan edi.
Izoh (0)