Gaitining markaziy qismida Fransiyaning yirik neft-gaz kompaniyasi Total’ga qarashli avtosisternaning yonib ketishi va keyinroq portlab ketishi oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 30 ga yaqin kishi kuchli kuyish jarohatlarini oldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar beradi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 17-mart, payshanba kuni mamlakat poytaxtidan 110 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Ensh shahrida yuz bergan. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, avtosisterna devorga urilgan, natijada benzin to‘kilib ketgan. Hodisa yuz bergan hudud yaqinida grilda taom tayyorlayotgan savdogarlar bo‘lgan. Olov tezda to‘kilgan benzinga yetib borib, avtosisternaning portlab ketishiga olib kelgan.
Natijada voqea joyida yetti kishi halok bo‘lgan. Jabrlanganlar shifoxonaga yetkazilgan. Mahalliy hukumatning ma’lum qilishicha, yong‘in yaqin-atrofdagi to‘rtta uyga ham yetib borgan. Portlash yaqinida bo‘lgan 22 ta avtomobilga ham zarar yetgan.
Hodisa joyiga yetib kelgan BMTning tinchlikparvar kuchlari olovni o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Izoh (0)