Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli “Metalloinvest” kompaniyasining daromadi moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha 2015-yilda 3,3 barobarga o‘sib, 218 million dollarni tashkil qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
2014-yilda kompaniya 66 million dollar miqdorida daromad qilgan edi.
Yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning tushumi 31 foizga qisqarib, 4,393 milliard dollarni tashkil etdi. Bu jahon bozorida temir xomashyosi va po‘lat narxining tushib ketishi tufayli sodir bo‘ldi.
EBITDA ko‘rsatkichi 2014-yilga nisbatan 27 foizga kamayib, 1,4 milliard dollarga tushdi, uning rentabelligi esa 2014-yildagi 30,8 foizga qarshi 32,6 foizga teng bo‘ldi.
Sof qarz 14,9 foizga yoki 622 million dollarga kamayib, 3,563 milliard dollarga tushdi. “Sof qarz / EBITDA” nisbati 2,49 ga ko‘tarildi (2014-yil 31-dekabrdagi ko‘rsatkich — 2,13).
“Metalloinvest”ning summar likvidligi 2015-yil oxirida, banklardagi 400 million dollarlik qisqa muddatli depozitlar bilan qo‘shib hisoblaganda, 824 million dollarni tashkil etdi.
Hisobot davrida kapital xarajatlar 29,9 foizga tushib, 417 million dollardan iborat bo‘ldi.
“Metalloinvest” temir rudasining aniqlangan zaxiralari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi — 14,5 milliard tonna atrofida.
Kompaniya aksiyalarining 100 foizi USM Holdings’ga tegishli. O‘z navbatida, xoldingning eng yirik benefitsiari Alisher Usmonov hisoblanadi (48 foiz). Xoldingning boshqa aksiyadorlari — Vladimir Skoch (30 foiz) va Farhod Moshirining (10) strukturalaridir.
Izoh (0)