Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida yashovchi Anvar Rayimov aliment to‘lashdan qutulish maqsadida xotini va qaynonasini o‘ldirishga qaror qildi. Bu haqda “Farg‘ona haqiqati” gazetasi xabar berdi.
Anvar Rayimov 2012-yilda Shohista Rayimova bilan turmush qurgan, ammo o‘zaro kelishmovchilik tufayli 2012-yilning dekabr oyida ayol ota uyiga ketib qoladi. Keyinchalik A.Rayimov xotinining uyida ichkuyov bo‘lib yashay boshlaydi va 2013-yil bahor oylarida ishlash uchun Qozog‘iston Respublikasiga chiqib ketadi.
2013-yil yoz oyida farzandli bo‘lganligi sababli u yerdan qaytib kelib, yana ayolining uyida yashab yuradi. Lekin oradan ko‘p o‘tmay qaynonasi bilan nizolashib, ota uyiga qaytadi.
2014-yil boshlarida Sh.Rayimova farzandiga aliment undirish uchun sudga murojaat qiladi. Rayimovga farzandini uch yoshga to‘lguniga qadar har oyda 80 ming so‘mdan qat’iy summada aliment to‘lash majburiyati yuklatiladi.
Biroq, A.Rayimov 2015-yil 1-oktabrga qadar moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan farzandini ta’minlashdan bo‘yin tovlab, sud qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan jami 6 196 232 so‘m mablag‘ni to‘lamaydi.
2015-yil 22-oktabr kuni A.Rayimov sud ijrochilari tomonidan aliment qarzdorligini to‘lash haqida ogohlantirilganidan so‘ng, asossiz ravishda jahli chiqadi va turmush o‘rtog‘i hamda qaynonasini qasddan o‘ldirish, shu orqali aliment qarzidan qutulishni niyat qiladi. Shu kuni tunda bolta ko‘tarib, yuziga niqob taqib, Sh.Rayimovaning yashash hovlisiga yashirin ravishda kirganida qaynonasi O.Boyqo‘ziyeva uni ko‘rib baqirib yuboradi. Shunda A.Rayimov o‘ta shafqatsizlarcha bolta bilan qaynonasining bosh, yelka, bo‘yin va boshqa sohalariga qasddan urib, yiqitadi.
Baqir-chaqirni eshitib, yordamga kelgan X.Sobirovga ham yengil tan jarohati yetkazadi. Qo‘shnilar uning qo‘lidagi boltani olib, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘yadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida A.Rayimovning jinoiy harakati atroflicha ko‘rib chiqilib, odilona hukm o‘qildi. Aliment to‘lovidan bosh tortib, qaltis jinoyatga qo‘l urgan yigit endi bir necha yil hayotini panjara ortida o‘tkazadi.
Izoh (0)