2011-yilda Joau Pereyra de Souza ismli 71 yoshli braziliyalik erkak Rio-de-Janeyro yaqinidan neftga botib qolgan, ochlikdan aziyat chekayotgan pingvinni topib oldi. U pingvinni deyarli bir yil davomida parvarish qilib, jonini asrab qoldi. Shundan buyon jonivor nuqul o‘z qutqaruvchisining oldiga qaytib keladi, deb yozadi “National Geographic Rossiya”.
Aytilishicha, de Souza Dindim laqabini olgan pingvinni neftdan tozalagan va bir hafta mobaynida baliq bilan boqqan. Jonivorning sog‘lig‘i tiklangach, erkak uni qo‘yib yubormoqchi bo‘lgan, lekin u ketishni istamagan. Qushning patlari 11 oy davomida to‘la almashgach, u tabiat qo‘yniga qaytgan.
Ammo bir necha oydan so‘ng qadrdonlar yana uchrashgan. O‘z qutqaruvchisini sohilda ko‘rib qolgan pingvin de Souzaning ortidan ergashgan va bir muddat uning uyida mehmon bo‘lgan. Shundan buyon Dindim har yilning iyunida Joauning huzuriga keladi va fevralda qaytib ketadi. Olimlarning fikricha, qush o‘z qondoshlari yashaydigan hudud — Argentinadagi Patagoniya o‘lkasi qirg‘oqlariga suzib ketadi. Bu mintaqa Rio-de-Janeyrodan 5–8 ming kilometr uzoqlikda joylashgan.
Braziliyalik erkak intervyularidan birida Dindimni oila a’zosi sifatida ko‘rishini ta’kidlab o‘tdi. Qush ham, aftidan, erkakni aynan shunday qabul qiladi va uni silashiga, qo‘ldan ovqatlantirishiga ruxsat beradi. De Souza bilan uchrashganda Dindim dumini likillatib, shodon ovozlar chiqaradi. Joauning ishonishicha, pingvin yildan yilga mehribonroq bo‘lib bormoqda.
Izoh (0)