Kreml huquq-tartibot organlari Ingushetiyada jurnalistlar va huquq himoyachilariga uyushtirilgan hujumda aybdor shaxslarni tez orada topishiga umid qilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytib o‘tdi, deb xabar beradi “Vedomosti”.
“Bu mutlaqo xunuk bezorilikdir, tushunishimiz bo‘yicha, insonlarning hayoti xatarga qo‘yildi, bu mutlaqo kurakda turmaydigan ish, respublika huquq-tartibot organlari hujumni uyushtirishda aybdorlarni topish uchun faol harakat qiladi deb ishonamiz”, — dedi u jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida.
Mamlakat prezidenti Vladimir Putinning bu voqeaga munosabati qanday bo‘lganligi haqidagi savolga Peskov quyidagicha javob berdi:
“Hozircha buni aytishga tayyor emasman, negaki bu haqda bilish imkoniyatiga ega bo‘lmadim. Shubhasiz, u barcha axborotni olib turibdi. Unga barcha zaruriy hisobotlar topshirildi. Ammo bu borada qanday topshiriqlar berilgani haqida axborotim yo‘q”.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat ilgari “Qiynoqlarning oldini olish qo‘mitasi” tomonidan uyushtirilgan press-tur doirasida Ingushetiya va Chechenistonga borgan qo‘mita xodimlari, norvegiyalik va shvetsiyalik jurnalistlar, The New Times hamda “Mediazona” muxbirlari, jami 8 kishidan iborat guruh ikki respublika chegarasida kaltaklandi, ular tushgan mikroavtobus esa yoqib yuborildi. Mazkur hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)