Futbol bo‘yicha Braziliya milliy va olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlos Dunga “Barselona” hujumchisi Neymarning Rio–2016 o‘yinlarida mamlakat termasi safida ishtirok etishini xohlayapti, deb xabar bermoqda “TASS”.
Braziliyaning milliy va olimpiya terma jamoasi 2016-yilning yozida futbol bo‘yicha AQShda o‘tkaziladigan Amerika Kubogi va Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadi. Dunga Neymarning mazkur turnirlarda ishtirokini ta’minlash uchun “Barselona” rahbariyati, murabbiylar shtabi va hujumchining o‘zi bilan uchrashish maqsadida Ispaniyaga tashrif buyurdi.
Dunganing aytishicha, Neymar bo‘lib o‘tadigan turnirlarning har ikkalasida ishtirok etmoqchi. Ammo katalon klubi rahbariyati Neymarning jismoniy zo‘riqishining oldini olish uchun uning bo‘lajak turnirlarda ishtirok etishiga qarshilik ko‘rsatmoqda.
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi “Barselona” vakillarini Neymarga ikkala turnirda ishtirok etishga ko‘ndira olmasa, u hujumchining hech bo‘lmasa Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokini ta’minlamoqchi.
Futbol bo‘yicha Olimpiada o‘yinlarida Braziliya biror marta ham muvaffaqiyat qozona olmagan. Shu sababli, Dunga o‘z vatanida bo‘lib o‘tadigan musobaqada g‘olib chiqish muhim ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Rio—2016 o‘yinlari 2016-yilning 5-avgustidan 21-avgustiga qadar bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)