Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Gidrometeorologiya bo‘yicha milliy qo‘mita raisi Batir Xalliyevni noto‘g‘ri ob-havo ma’lumotlari uchun lavozimidan ozod qildi. Bu haqda mahalliy OAV ma’lumotlariga tayanib, “RIA Novosti” xabar beradi.
Davlat rahbari hukumat yig‘ilishidagi chiqishida Turkmaniston sinoptiklari faoliyatidagi asosiy kamchilik ob-havo ma’lumotlarining haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ekanligini ta’kidladi.
“Biz Gidrometeorologiya bo‘yicha milliy qo‘mita faoliyatini mukammallashtirish maqsadida ushbu boshqarma uchun zamonaviy ma’muriy bino barpo etdik. Qo‘mitaga moliyaviy yordam ko‘rsatib, katta miqdordagi zarur uskunalarni xarid qildik. Shundan so‘ng Xalliyev ob-havo ma’lumotlari aniq bo‘lishiga so‘z bergan edi. Biroq, shunga qaramasdan, oxirgi paytlarda noto‘g‘ri ob-havo ma’lumotlari, aksincha, ko‘paydi”, — dedi prezident.
Davlat rahbarining so‘zlariga qaraganda, bu qishloq xo‘jalik ishlarini o‘tkazishga salbiy ta’sir qilmoqda, transport tizimi faoliyatida, ommaviy tadbirlarni tashkil etishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda, shuningdek, odamlar uchun noqulayliklarni yuzaga keltirmoqda.
Shu munosabat bilan prezident Xalliyevni lavozimidan ozod qilib, uning o‘rniga Begench Miminovni tayinladi.
Hukumat yig‘ilishi chog‘ida statistik ma’lumotlarni bo‘rttirib ko‘rsatgan Turkmaniston davlat statistika qo‘mitasi rahbari ham o‘z lavozimidan ozod qilindi.
Izoh (0)