Qarshining “Nasaf” klubi yarim himoyachisi Artur Gevorkyan O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi talqiniga ko‘ra, 2015-yilgi O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. “Nasaf” sardori ushbu yutuqda jamoadoshlarining xizmatlari katta bo‘lganini takidlab o‘tdi, deb xabar beradi “Championat.asia”.
“To‘g‘risi, O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘lishim kutilmagan yangilik bo‘ldi. Albatta, bu kabi sovrinlarni yutish futbolchi uchun juda quvonarli holat. O‘tgan yili biz O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘ygandik. Shu bois, bor e’tiborimni jamoaviy yutuqlarga qaratganman. Meni eng yaxshi deb topishgani uchun xursandman. Bu yutuq zamirida nafaqat mening, balki jamoadoshlarimning xizmati yotibdi. Ularsiz men bu kabi sovrinlarga ega chiqa olmasdim. Shu fursatdan foydalanib, men barcha jamoadoshlarimga, murabbiylarimga rahmat aytmoqchiman. Bu sovrinda ularning xizmatlari yuqori”, – deydi turkmanistonlik futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, Artur Gevorkyan o‘z faoliyatida ikkinchi marotaba O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilmoqda. Bungacha, “Nasaf” sardori 2013-yilda ham ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, Gevorkyan 2014-yilgi mavsumda milliy chempionat to‘purari bo‘lgan edi.
Izoh (0)