2016-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, jurnalist, aktyor, rejissor, badiiy so‘z ustasi Ubaydulla Burhonov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati xabar beradi.
Tadbirda taniqli madaniyat xodimlari, ommaviy axborot vositasi fidoiylari, jurnalistlar, operatorlar, Ubaydulla Burhonovning do‘stlari, maslakdoshlari va shogirdlari, kollej o‘quvchilari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar Ubaydulla Burhonovning O‘zbekiston televideniyesida qizg‘in ijodiy muhitni shakllantirishidagi o‘rni, ilk o‘zbek milliy seriallarini yaratishda uning serqirra ijodkor va rahbar sifatidagi roli, uning hamkasblarga, shogirdlarga munosabati, suxandonlar maktabining tashkil etishdagi roli, uning o‘z so‘zlari va amallari bilan yosh jurnalist, rejissor, operator va suxandonlarga ibrat bo‘lganligini alohida e’tirof etdi.
“Televideniyega kelgan har bir jurnalist Ubay Burhonovni o‘z ustozi deb biladi. Uning so‘zlari, ishlari bizlar uchun o‘z kasbiga adolat, sadoqat va fidoiylik namunasi edi. U televideniyeda katta ahil jamoani to‘plab, bu yerda kasbiy mahorat va o‘zaro hurmat muhitini yaratgan insondir”, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, suxandon Galina Melnikova.
Tadbir ishtirokchilariga Ubaydulla Burhonov ijodini yorituvchi film namoyish etildi.
Izoh (0)