Suriya muxolifati vakillari rasmiy Damashqni o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzishda aybladi. Ular 9-mart kuni bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan muzokaralar barbod bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda, deya xabar beradi “Vedomosti”.
“Ozod Suriya armiyasi” tarkibidagi qurolli tuzilma vakili hukumat qo‘shinlari Latakiya viloyatida hujumlar amalga oshirayotgani, o‘tgan haftada tuzilgan sulhga qaramay, qo‘shimcha kuchlar kelayotgani va janglar avvalgidek shiddat bilan davom etayotganini da’vo qilmoqda. Mazkur ma’lumotni Londonda joylashgan “Suriya inson huquqlari bo‘yicha observatoriyasi” ham tasdiqlagan.
Suriya shimolidagi muxolifat qurolli tuzilmalari dala qo‘mondonlaridan birining ta’kidlashicha, jangovar harakatlar hukumat qo‘shinlari egallab olishni istagan muhim manzillar — Latakiya, Xoms va Xama viloyatlaridagi ayrim tumanlarda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr Rossiya va Suriya rasmiylarini o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzishda ayblagandi.
Izoh (0)