San-Paulu sudi hibsga olinganidan bir kun o‘tib Facebook’ning Lotin Amerikasidagi vitse-prezidenti Diyego Dsodanni ozod etish haqida qaror chiqardi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Dsodan qamoqqa olinishiga mahalliy huquq-tartibot idoralariga WhatsApp foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berishdan bosh tortgani sabab bo‘lgandi. San-Paulu sudi quyi sud qarorini “noqonuniy majburlash”, vitse-prezident hibsga olinishini esa “shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan qaror”, deb topdi.
Braziliya politsiyasining da’vo qilishicha, WhatsApp foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumot narkotrafik bilan bog‘liq ishda ko‘mak berishi mumkin edi. Buning uchun sud Facebook’dan narkosavdogar ekanligi taxmin qilingan foydalanuvchilardan biriga oid ma’lumotlarni so‘ragan.
Kompaniyaning Lotin Amerikasidagi vitse-prezidenti qamoqqa olinganidan so‘ng Facebook WhatsApp alohida ishlashi, shu sababli ularning foydalanuvchilari to‘g‘risida ma’lumotlarni berishning imkoni yo‘qligini ta’kidladi.